17 Май 2017
Poytaxtimizda “Ko‘zmunchoq” bolalar rasmlari tanlov-ko‘rgazmasi ochildi

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida bolajonlarning ijodiy ishlari namoyishi bo‘lib o‘tmoqda. Ular orasida Matluba Vohidjonovaning “Opa-singil” deb nomlangan surati ham bor. Tasvirda opa va singil kitobga quvonch bilan boqmoqda. Muallif kitobga bo‘lgan mehrini opa-singilning yuz-ko‘z ifodasi orqali bera olgani e’tiborimizni tortadi. 

Matlubaning bu chizmasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida"gi farmoyishiga monand tengdoshlarini kitob mutolaasi va kitobxonlikka undayotgani bilan ham ahamiyatlidir. 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining an’anaviy “Ko‘zmunchoq” bolalar rasmlari tanlovi va ko‘rgazmasi ochilishida musavvirlar, san’atshunoslar, o‘qituvchilar, ota-onalar va o‘quvchilar ishtirok etdi. 

Xalqaro madaniyat karvon saroyi direktori F.Usmonov, Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi M.Mannan, maktab-internat direktori S.Sodiqov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan sharoitlar ularni Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. 

– Bu yil beshinchi bor o‘tkazilayotgan tanlov-ko‘rgazmada 134 nafar ishtirokchining ikki yuzdan ortiq ishi “Eng yaxshi mavzu”, “Eng yaxshi ijodiy ish”, “Eng yaxshi yosh hunarmand” va “Eng yaxshi grafika asari” nominatsiyalari bo‘yicha baholandi, – deydi boshlang‘ich sinflar uslubchisi S.Mo‘minova. – Tanlov-ko‘rgazmaga qatnashish istagida bo‘lgan o‘quvchilar safi yildan-yilga kengayib borayotganidan xursandmiz. 

Tanlov-ko‘rgazmada an’anaviy “Toshkent quvonchlari” VI xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi ishtirokchisi Shohjahon Ahmadovni ham uchratdik. O‘tgan tanlovda g‘oliblik nasib qilmaganidan biroz xafa bo‘lgan bolakay bizni juda ko‘tarinki kayfiyatda qarshi oldi. 

– Bu safar “Eng yaxshi mavzu” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘lganim haqida intervyu bermoqchiman, – deb qoldi u. – “O‘yin” va “Baxtli hayot” chizmalarimni taniqli musavvirlar yuqori baholabdi. Kelajakda mashhur rassomlar Ro‘zi Choriyev, Anatoliy Jiboyedov izidan bormoqchiman. 

Barcha yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi. 
 

Nasiba Ziyodullayeva, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA  

Охирги янгиланиш: 15.10.2018 | 11:56