12 Июнь 2017
Yoshlarni ma’naviy olamini yuksaltirish va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashning dolzarb muammolari

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida Ta’lim va fan sohasini rivojlantirish, Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish,  shuningdek, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 19, 22 va 24 bandlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 31 maydagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan  tashkil qilingan “Yoshlarni ma’naviy olamini yuksaltirish va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashning dolzarb muammolari” mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.  
    Matbuot anjumanidan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda san’at va madaniyat sohalari uchun malakali kadrlarni tayyorlash, ularni har tomonlama bilim olishlari va jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun yaratilib berilayotgan shart-sharoitlarlardan keng foydalanishga da’vat etish, oliy ta’lim tizimida ilmiy salohiyatni  oshirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani yanada rivojlantirish borasida institutda o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni, erishilgan natijalarni muhokama qilishdan  iborat.
    Matbuot anjumanida Fan va texnologiyalar agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining matbuot xizmati rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ma’sul xodimlari, boshqarma boshliqlari, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi, K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Milliy raqs va xoreografiya Oliy maktabi prorektorlari, yetakchi professor-o‘qituvchilar hamda iqtidorli yoshlar ishtirok etishdi.
Yoshlarning ma’naviy olamini yuksaltirish va ularni milliy, umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, madaniyat, san’at hamda badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirish, yoshlarning ma’naviy-axloqiy jihatdan yanada yuksaltirish, jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.
San’at miliy madaniyat va ma’naviyatimizning eng yorqin, eng ta’sirchan jabhalaridan biridir. Matbuot anjumanida san’atshunoslikda teatr, kino, tasviriy san’at, qo‘shiqchilik, xoreografiya va raqs kabi san’at sohalarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, yosh tadqiqotchilarning bitiruv malakaviy ishlari, magistratura, tayanch doktorantura va doktoranturada tayyorlanadigan dissertatsiyalar sifatini ko‘tarish, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish, yoshlarning ijodiy va  intellektual salohiyatini namoyon etishlarida muayyan tizim yo‘lga qo‘yilganligi ta’kidlab o‘tildi. Yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan, har tomonlama sog‘lom  avlodni voyaga yetkazish, sohani chuqur ilmiy tadqiq etish ta’lim muassasasining oldidagi asosiy vazifasi ekanligi ta’kidlandi. 
So‘nggi besh yilda professor-o‘qituvchilar tomonidan chop etilgan 20 ta darslik, 65 ta o‘quv qo‘llanma, 26 ta monografiya yaratildi. 26 ta ilmiy-nazariy va amaliy konferensiya materiallari to‘plamlari nashrdan chiqarildi. OAK e’tirof etgan respublika va xalqaro jurnallarda chop etilgan maqolalar sonining ko‘payganligi ham institut reytingini yuqori pog‘onaga ko‘tarmoqda. O‘tgan davr mobaynida institutimiz professor-o‘qituvchilari tomonidan bir qancha ilmiy grantlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi va xorij bilan aloqamiz, xususan, xorijiy loyihalardagi ishtirok kuchayib, tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.  
El-yurtning kelajagi bugun kamolga yetayotgan yoshlar qo‘lida. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Yurtimizdagi har qaysi inson, har qaysi oilaning eng ezgu orzu-maqsadlari, hayotiy manfaatlari avvalambor uning farzandlari timsolida namoyon bo‘ladi, ro‘yobga chiqadi.” O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida talabalar yuksak ma’naviyatli, zukko, bilimdon, yurt taqdirini o‘z zimmasiga olishga qodir avlod sifatida ta’lim-tarbiya olmoqdalar. 
Matbuot anjumani davomida institutning mas’ul prorektorlari va professor-o‘qituvchilari tomonidan  OAV vakillarining qiziqtirgan savollariga aniq, tahliliy misollar yordamida ma’lumotlar berildi. 

 

Охирги янгиланиш: 17.11.2017 | 20:06