27 Июнь 2017
Termiz hayvonot bog‘ida Amur yo‘lbarsi bolaladi

        Amur yo'lbarsi mushuksimonlar oilasining eng yirik vakili hisoblanadi. Ular asosan Rossiyaning Uzoq Sharq mamlakatlari, Primor’ye va Xabarovsk o'lkalarida, Xitoyning shimoliy qismida uchraydi. Amur yo'lbarsi butun jahon jonivorlarni himoya qilish jamiyati tomonidan «Qizil kitobga» kiritilgan. 
        Keyingi 20 yil ichida ushbu tur hayvonning soni qariyb 25 foizga kamaygan. Bugungi kunda, dunyo bo'yicha barcha hayvonot bog'larida 451 bosh Amur yo'lbarsi saqlanib qolingan. Surxondaryo viloyati o‘ta issiq bo‘lishiga qaramasdan, Termiz  Hayvonot bog‘ida bugungi kunda 4 bosh amur yo‘lbarslari saqlanib, parvarishlanmoqda va ularni ko‘paytirish ishlari olib borilmoqda. “Termiz hayvonot bog‘i” da 2017 yilning may oyida Amur yo‘lbarsi oilasi 3 nafarga ko‘paydi. Hayvonot bog‘ida ular uchun kerakli barcha turdagi shart-sharoitlar yaratilgan. Yangi tug‘ilgan yo'lbars bolalariga hayvonot bog‘ida yashashlari uchun barcha sharoit yaratilib kelinmoqda.
        Bugungi kunda hayvonot bog‘ida jami 134 turdagi, 359 bosh noyob hayvonlar saqlanib, ularni asrash, parvarishlash hamda kelgusida ularni ko‘paytirish borasida barcha choralar belgilangan. Shuni ham aytib o'tish kerakki, hozirgi kunda Termiz hayvonot bog'ida, jonivorlarni yashash sharoitini yanada yaxshilash uchun ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan.


 

 

Охирги янгиланиш: 17.11.2017 | 20:06