27 Июнь 2017
"Seni kuylaymiz zamondosh" IV – Respublika teatrlarining ko‘rik-festivali

      “Seni kuylaymiz, zamondosh!” Respublika teatrlarining ko‘rik-festivali 2011 yil ta’sis etilgan bo‘lib, to‘rtinchi bor o‘tayotgan ko‘rik-festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston  Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili davlat Dasturi”da belgilangan vazifalar hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 117-sonli majlis Bayonida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Ko‘rik-festival ta’sischisi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hisoblanib, hamkor tashkilotlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasidir. 
        Teatr san’ati sohasidagi eng yaxshi asarlar uchun tashkil etilayotgan ko‘rik-festivalning maqsadi Vatanimiz mustaqilligini, milliy qadriyatlarimiz va yurtimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini tarannum etuvchi, Vatanimiz mustaqilligi, tinchligi va obodligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan, ilg‘or fikrli zamondoshlarimiz obrazlari aks etgan zamonaviy mavzulardagi spektakllarni yaratish, o‘zaro ijodiy tajriba almashishni yuzaga keltirish hamda tomoshabinlarimizni O‘zbekiston teatr san’atining eng sara namunalari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.
Ko‘rik-festivalda qatnashgan asarlarni mutaxassislar ishtirokida muhokama qilish, ularga munosib baho berib rag‘batlantirish, ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib etish hamda eng yaxshilarini Xalqaro festivallar va gastrollarga tavsiya etish tanlovning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
2017 yilgi ko‘rik-festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 7 ta jamoa, Toshkent shahridan 3 ta jamoa o‘zaro bellashadilar. O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatri esa tadbir qatnashchilariga tanlovdan tashqari spektakl namoyish etadi.
       Ko‘rik-festivalda namoyish etilgan spektakllar malakali mutaxassislardan iborat Hay’at a’zolari tomonidan baholanadi hamda eng sara spektakllar bitta birinchi, bitta ikkinchi, bitta uchinchi o‘rinlar hamda bir necha nominatsiyalar bo‘yicha diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadilar.
          “Seni kuylaymiz, zamondosh!” Respublika teatrlarining ko‘rik-festivali an’anaviy ravishda har ikki yilda o‘tkaziladi.
 

Охирги янгиланиш: 17.11.2017 | 20:06