30 Июнь 2017
Targ‘ibot tadbirlari Mirzo Bobur yurti Andijonda boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi joriy yilning 27 iyun kuni Andijon vokzalida taniqli shoir va yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari, san’atkorlar va estrada xonandalari, “Nihol” mukofoti sovrindorlaridan iborat respublika targ‘ibot guruhi a’zolari, viloyat hokimligi, viloyatdagi madaniyat va san’at xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali ravishda karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.  
So‘ngra, viloyat hokimligida targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etuvchi poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli shoir va yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari, san’atkorlar va estrada xonandalari, “Nihol” mukofoti sovrindorlaridan iborat respublika targ‘ibot guruhi a’zolari, Andijon viloyatidan mas’ul etib biriktirilgan tashkilot va muassasalar xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “Matbuot anjumani” o‘tkazildi. 
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi boshqarma boshlig‘i Jamoliddin Uzoqov, Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Manzuraxon Yunusova dasturdan ko‘zlangan maqsad, undan o‘rin olgan loyihalar xususida ommaviy axborot vositalari vakillariga atroflicha ma’lumotlar berdilar.
Jurnalistlar targ‘ibot guruhi a’zolaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Matbuot anjumanidan so‘ng, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Qozieva, Muqumiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali drama teatri aktyori Ma’rifat Ortiqova, aktyorlar Shavkat Komilov, “Nihol” mukofoti sovrindori Mashhur Rayimjonov, Sherzod Ortiqov, Shuhrat Usmonov, xonanda Farrux Ahmedov,  qiziqchi va so‘z ustasi Valijon Shamsiev, shoir Bobur Bobomurodlardan iborat targ‘ibot guruhi a’zolari Andijon shahridagi (45605 va 528-sonli) harbiy qismlarga tashrif buyurib, askar va zobitlar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazdilar.
Shuningdek, 28 iyun kuni targ‘ibotchilardan bir guruhi qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lgan Qo‘rg‘ontepa, Xo‘jaobod tumanlari va Xonobod shahriga tashrif buyurdilar. O‘tkazilgan tadbirlarda yoshlar orasidan ham vakillar so‘zga chiqib, mamlakatimizda aholi, ayniqsa yoshlar uchun yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida gapirib, bundan yoshlar minnatdor ekanliklari va bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, kasb-hunar egallab, kelajakda shu ona-Vatanga munosib farzand bo‘lishlari, uning yanada yuksalishi va ravnaqi yo‘lida o‘z xissalarini qo‘shishlarini aytib o‘tdilar. 
Mazkur targ‘ibot tadbirlari mehnatga, ta’limga jalb qilinmagan yoshlarni yanada vatanparvar va mehnatkash, shuningdek, bilim olib, yurti uchun foydasi tegadigan fidoiy inson bo‘lishga chorlov vazifasini bajarmoqda.
Tadbirlar 1 iyulga qadar davom etadi.

Охирги янгиланиш: 17.11.2017 | 20:06