17 Май 2017
"Toshkent bahori" xalqaro opera va balet festivali yakunlandi

 

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida "Toshkent bahori" IV xalqaro opera va balet san’ati festivalining yopilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Unga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining vakillari, san’at muxlislari, yoshlar taklif etildi. 

Mazkur ijodiy loyiha bir necha yillardan buyon madaniy sohadagi aloqalarni tobora mustahkamlash, ijodkorlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Bu yilgi "Toshkent bahori" festivalida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon kabi davlatlardan opera va balet ijrochilari ishtirok etdi. Festival kunlari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida M.Bafoyevning "Sevgim samosi", J.Verdining "Traviata", "Trubadur", N.Rimskiy-Korsakovning "Shoh qaylig‘i", J.Puchchinining "Bogema" kabi operalari namoyish etildi. O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov hamda xorijlik opera ijrochilari ishtirokidagi konsert dasturi tinglovchilarga ko‘tarinkilik, zavq, qalblarga jo‘shqinlik baxsh etdi. 

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi yoshlari ishtirokidagi hisobot konsertlari mamlakatimiz san’atning barcha turlari kabi raqs san’ati sohasida ham iste’dodlarga boy ekanini ko‘rsatdi. 

– "Toshkent bahori" festivali juda yuksak saviyada, ijodiy muloqotlarga boy tarzda o‘tdi, – deydi Ozarbayjon davlat opera va balet teatri xonandasi, xalqaro tanlovlar sovrindori Afag Abbosova. – Buyuk o‘zbek shoiri nomi bilan ataluvchi mazkur teatrda muxlislarning san’at sehridan bahramand bo‘lishi, ijodkorlarning samarali mehnat qilishi uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar havas uyg‘otadi. 

Festival dasturi mamlakatimiz va rossiyalik balet ijrochilari ishtirokidagi P.Chaykovskiyning "Oqqush ko‘li" baleti namoyishi bilan nihoyasiga yetdi. 

 

Охирги янгиланиш: 12.12.2018 | 17:50