​Navro‘zingiz muborak, aziz vatandoshlar!

21 Mar, 2023 - 19:01
463
​Navro‘zingiz muborak, aziz vatandoshlar!

Matbuot

Bugun jonajon Vatanimizda, Yangi O‘zbekistonimizda yana bir ulug‘ ayyom — o‘zaro do‘stlik, qardoshlik, mehr-oqibat, yaratish va yangilanish kabi azaliy qadriyatlarimizning yorqin ifodasi bo‘lgan go‘zal bayram keng nishonlanmoqda.

Ushbu ayyom yana shunisi bilan qadrliki, Navro‘zning ilk qadamlaridanoq bahoriy iliqlik, ko‘klam quyoshining zarrin nurlari olamni yashillikka, go‘zallikka burkaydi. Bu ne'matlardan yayragan samimiy qalblarda ulug‘ insoniy fazilatlar yanada jo‘sh uradi. Bobodehqon ona zaminni, bog‘bonlarimiz bog‘u rog‘larni yashnatishga bel bog‘laydi. 

Zero, har bir inson tabiat farzandi. Ona Vatan, ona tabiat go‘zalliklaridan bahra olib, zavqu shavq bilan mehnat qiladigan shijoatli, bag‘rikeng xalqimizning insoniylik madaniyati ham o‘ziga xos, betakror. Uni diyorimizga tashrif buyurgan har qanday xorijlik mehmon e'tirof etadi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, biz ana shunday fidoyi, yuksak ma'naviyatli, madaniyatli xalqimiz, g‘ayrat shijoatli, navqiron yoshlarimiz bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida astoydil mehnat qilmoqdamiz.
Bunyodkor yoshlarimiz esa yurtimiz sha'nini, sharafini yuksaklarga ko‘tarishga astoydil intilmoqda. 

Ayniqsa, ushbu shukuhli kunlarda futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining,  xokkeychi yoshlarimizning Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgani barchamizga cheksiz g‘urur bag‘ishlash bilan birga, Navro‘z bayramiga o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi.

Nafaqat sport, balki madaniyat va turizm, san'at va adabiyot, ilm-fan sohalarida ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotgan iste'dodli o‘g‘il-qizlarimiz, ularni tarbiyalab voyaga yetkazayotgan ota-onalar, ustozlarimiz, ma'rifatli jamiyatimiz qudratli davlatimizning tayanchi va ishonchidir. Shubha yo‘qki, shunday buyuk xalqimiz Yangi O‘zbekistondagi yutuqlar va islohotlarni qat'iy davom ettirish uchun ham oldinda turgan muhim siyosiy tadbirda faol bo‘lib, mustahkam huquqiy asos yaratishga munosib hissa qo‘shadi.

Prezidentimiz "Yangi O‘zbekiston" bog‘ida o‘tkazilgan Navro‘z tantanalaridan keyin mamlakatda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari, milliy madaniyat markazlari, har bir viloyatga ajratilgan pavil'onlarni aylanar ekan, hunarmandchilik, xususan, kulolchilik mahsulotlarini alohida e'tirof etdi. Ayniqsa, tabiiy toza tuprog‘imizdan yasalgan ashyolarni kundalik turmushda ishlatishni keng targ‘ib qilish kerakligini ta'kidladi.

Darhaqiqat, o‘z ishini san'at darajasida bajaradigan turli kasb egalarining mehnati hech kimni befarq qoldirmaydi. O‘z navbatida, bayramlarimizga alohida fayz kiritadigan askiyachilarimiz haqidagi fikrlari ham shu soha vakillarini quvontirdi. “Askiya maktablari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish haqidagi topshiriqlari zimmamizga alohida mas'uliyat yuklaydi.

Darvoqe, bu yilgi Navro‘zni yana bir qutlug‘ ayyom — Ramazoni sharif arafasida kutib olmoqdamiz. Bu oyda xalqimizning xayr-saxovat, mehr-oqibat, muruvvat, ahillik, millatlararo do‘stlik fazilatlari yana yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Qolaversa, ertaga Mahalla tizimi xodimlari kunini nishonlaymiz. Bu ham milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan yana bir e'tibordan darak. 

Shu zaylda bayramlarimiz bayramlarga ulanib ketaveradi. Shu ma'noda, tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lgan, inson qadri ulug‘langan yurtda yashayotganimizga shukronalar aytib, uning ravnaqiga munosib hissa qo‘shish har birimizning insoniy burchimizdir.

Fursatdan foydalanib, barchangizni Navro‘zi olam bilan chin dildan tabriklayman. Xonadonlaringizdan fayz-baraka, tinchlik-xotirjamlik arimasin. Shunday fayzli kunlarda xalqimizga yaxshi kayfiyat ulashish yo‘lida astoydil mehnat qilayotgan madaniyat va san'at vakillariga esa kuch-quvvat va ijodiy barkamollik tilayman.

Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!

Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat va turizm vaziri

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash