“Yosh balet ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi

23 Mar, 2023 - 17:07
597
“Yosh balet ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi

Axborot va matbuot xizmati

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYaT VA TURIZM VAZIRLIGI

2023 yilning 24-26 aprel kunlari “Yosh balet ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovini e’lon qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Opera va balet san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 27 dekabrdagi PQ-64-son qarori ijrosini ta’minlash hamda opera va balet san’atini yanada yuksaltirish, mohir ijrochilarni kashf etish, balet san’ati ijrochilarining iste’dodi va qobiliyatini namoyon etish, ularning ijrochilik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, balet san’ati ijrochilarini yuksak darajaga ko‘tarish, yorqin iste’dodlarni dunyo sahnalariga olib chiqish, rag‘batlantirish, ularning ijodini keng targ‘ib qilish, balet san’ati ijrochiligi imkoniyatlarini oshirish va ularning o‘ziga xos xususiyatlari bilan ommani tanishtirish maqsadida Madaniyat va turizm vazirligi “Yosh balet ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovini e’lon qiladi.

Tanlov joriy yilning 24-26  aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.

Tanlovda bolalar musiqa va san’at maktablari o‘qituvchilari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlar, musiqa va san’at kollejlari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari, o‘qituvchilari, badiiy va ijodiy jamoalarning ijrochilari ishtirok etishi mumkin.

Tanlov ikki guruhga bo‘lib o‘tkaziladi:

1-guruh yosh bolalar (o‘g‘il va qiz) 15 yoshdan 18 yoshgacha;

 2-guruh kattalar (o‘g‘il va qiz) 18 yoshdan 25 yoshgacha.

Tanlovda ishtirok etishni istagan ijrochilar 2023 yilning20 apreliga qadar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim (fayl papkada):

tanlovda ishtirok etish uchun ariza;

pasport nusxasi;

ijodiy tavsifnoma;

ijro dasturi (dasturda nomer nomi, kompozitor va xoreograflar ko‘rsatilgan bo‘lishi shart);

3x4 sm o‘lchamdagi 2 ta va 9x12 sm o‘lchamdagi 2 ta rangli fotosurat (portret va ijodiy obrazda);

Arizalar o‘zbek va rus tillarida qabul qilinadi. Ro‘yxatga olishda ishtirokchilarning qaysi guruhda qatnashishlari, ism-shariflari to‘liq va aniq yozilishi zarur.

Ishtirokchilarning tanlov davomida ijro etish navbati belgilangan tartibda qur’a tashlash orqali aniqlanadi va ushbu tartib tanlov yakuniga qadar saqlab qolinadi.

Ijro etiladigan barcha asarlar nufuzli hay’at a’zolari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Tanlov saralash va yakuniy (final) bosqichdan iborat bo‘ladi.

Kichik yosh guruh uchun belgilangan dastur bo‘yicha:

1-bosqich — klassik baletlardan 1 ta variant;

2-bosqich — zamonaviy;

Katta yosh guruh uchun dastur:

1-bosqich — klassik baletlardan 2 ta variant;

2-bosqich — klassik baletlardan 1 ta variant, 1 ta zamonaviy.

Tanlov ishtirokchilari fonogrammadan foydalanishlari mumkin.

Tanlov ishtirokchilari quyidagi mezonlarga asosan baholanadi:

ijro mahorati;

professional tayyorgarligi;

repertuar saviyasi;

sahna madaniyati va artistik mahorati.

Tanlovning saralash va yakuniy bosqichlarida ishtirokchilarning ijro mahorati hakamlar hay’atining har bir a’zosi tomonidan alohida tarzda ballik tizimi bo‘yicha baholanadi.

Tanlovning saralash bosqichida umumiy ball natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar hakamlar hay’ati qaroriga asosan, tanlovning yakuniy (final) bosqichiga o‘tkaziladi.

Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarga qo‘yilgan ballar teng bo‘lib qolganda, hakamlar hay’ati raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Tanlovda eng ko‘p umumiy ball to‘plagan ishtirokchilar orasidan hakamlar hay’ati qaroriga asosan, tanlovning har ikki guruhi uchun alohida-alohida 1, 2, 3-o‘rin sovrindorlari aniqlanadi.

Ishtirokchilarni baholashda hakamlar hay’ati mustaqildir.

Tanlov g‘oliblari maxsus diplom, tegishli miqdorlarda pul mukofotlari hamda tanlovning 1-o‘rin g‘oliblari (oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘qituvchilaridan tashqari) mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat qabul kvotasiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Tanlovning yakuniy bosqichi ishtirokchilariga “Yosh balet ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovi ishtirokchisi diplomi beriladi.

Tanlov ishtirokchilarining tanlov o‘tkazilishi belgilangan hududga kelib-ketish, mehmonxona va ovqatlanish harajatlari o‘z mablag‘lari yoki yuborayotgan tashkilotning mablag‘lari yoxud jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.

Manzil: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Zarafshon ko‘chasi, 28-uy.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri

Tel.: 71 233-56-09, +998 93-589-17-04

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash