Boku shahrida o'tkazilgan XIII Xalqaro mug‘om festivalida o'zbekistonliklar sovrindor bo'ldi

24 May, 2023 - 12:26
600
Boku shahrida o'tkazilgan XIII Xalqaro mug‘om festivalida o'zbekistonliklar sovrindor bo'ldi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Joriy yilning 16-23-may kunlar Ozarbayjon Respublikasining poytaxti Boku shahrida XIII Xalqaro mug‘om festivali bo‘lib o‘tdi.

Mazkur festivalda O‘zbekiston Respublikasidan Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufidagi R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi, Namangan viloyatining 1-son bolalar musiqa va san’at maktabi, Buxoro viloyatining maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab internati hamda Romitan tumanidagi 12-son bolalar musiqa va san’at maktabining 16 yoshgacha bo‘lgan 6 nafar o‘quvchilar ishtirok etdi.

Festival yakunlariga ko‘ra, o‘nga yaqin davlatlar orasidan 6 nafar ishtirokchidan bir nafari R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi Umarjon Akmalov 1-o‘rinni, ikki nafar Namangan viloyatining 1-son bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Madina Karimjonova hamda R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi Sardor Narzullayevlar 2-o‘rinni, shuningdek, bir nafar Abdurauf Fitrat nomidagi Buxoro maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab internati o‘quvchisi Og‘abek Axtamov faxrli 3-o‘rinni egalladi.

Shu bilan birga, festivalning “Eng yosh mug‘om ijrochisi” sifatida R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi Umarjon Akmalov e’tirof etildi.

Boku shahrida XIII Xalqaro mug‘om festivalida ishtirok etgan yosh mug‘omchilarni muvaffaqiyatli ishtiroki bilan Madaniyat va turizm vazirligi muborakbod etadi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash