Italiya va Ozarbayjonda o'tkazilgan xalqaro tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi

26 May, 2023 - 17:22
414
Italiya va Ozarbayjonda o'tkazilgan xalqaro tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Joriy yilning 26-may kuni Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov vazilik tasarrufidagi R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida o‘tkazilgan Italiya va Ozarbayjondagi xalqaro tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi.

Marosimda so‘z olgan vazir O.Nazarbekov mamlakatimizda bolalarni musiqa va san’atga jalb qilish, iqtidorlarini yuzaga chiqarish uchun barcha sharoitlarni yaratib berish borasidagi say-harakatlar bugun salmoqli natijalar berayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

“To‘g‘risi, bu muvaffaqiyatlardan juda quvondim. Ozarbayjondagi mug‘om festivali g‘oliblarini kutib olishga aeroportga o‘zim chiqdimki, g‘olib farzandlarimiz ular davlatimizning diqqat-e’tiborida ekanini sezishsin, his qilishsin. Dunyoning eng zo‘r maqomchilari orasida bir emas, birdaniga 3 ta o‘rinni egallash hammaga ham nasib etmaydigan baxt! Bu o‘zbek san’atining bugun qanchalar darajada yuksalib borayotganining xalqaro miqyosdagi e’tirofidir. Boshqacharoq aytganda, milliy musiqamiz, xususan maqomchilik san’atini rivojlantirish uchun yurtimizda yaratib berilgan keng sharoitlarning mevasidir. Italiyadagi muvaffaqiyat esa jahonda ham o‘z o‘rni, o‘z ovoziga ega mamlakat ekanimizni yana bir bor isbotladi. Bu bolalar kelajakda o‘zbekistonlik san’atkorlar nimalarga qodir ekanini isbotlab, jahon madaniyati va san’atiga munosib hissa qo‘shadigan ijodkorlar bo‘lib yetishishiga ishonamiz”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov.

Ma’lumot o‘rnida: Joriy yilning 16-21-may kunlari Italiyaning Barletta shahrida bo‘lib o‘tgan “Città di Barletta” nomli 33-Xalqaro yosh ijrochilar tanlovida Italiya, Germaniya, Bolgariya, Xitoy, Kanada, Rossiya, Birlashgan Arab Amirligi, Ukraina, Tailand, Koreya, Marokash, Serbiya, Isroil, Sloveniya, Polsha, Irlandiya, Armaniston kabi davlatlar qatori O‘zbekiston Respublikasidan R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabidan 4 nafar o‘quvchisi munosib qatnashdi.

Mazkur maktabning 2-sinf o‘quvchisi Sevinch Azimova 1-o‘rinni, 10-sinf o‘quvchisi Muxlisa Sobitjonova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va D.Amanullayevaning “Amir Temur tushlari” asarining ijrosi uchun Maxsus mukofot bilan taqdirlandi hamda tanlovning yopilish marosiga bag‘ishlangan gala-konsertda ishtirok etdi.

11-sinf o‘quvchisi Alisa Salyaxova esa 2-o‘rinni egalladi. 8-sinf o‘quvchisi Saidshoh G‘ulomov Gran-Pri bilan taqdirlandi hamda tanlovning yopilish marosiga bag‘ishlangan gala-konsertda ishtirok etdi.

Shuningdek, joriy yilning 16-23-may kunlari Boku shahrida o‘tkazilgan XIII Xalqaro mug‘om festivalida ham vakillarimiz munosib qatnashib, sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi.

Festivalda vazirlik tasarrufidagi R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi Umarjon Akmalov 1-o‘rinni, ikki nafar Namangan viloyatining 1-son bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Madina Karimjonova hamda R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi Sardor Narzullayevlar 2-o‘rinni, shuningdek, bir nafar Abdurauf Fitrat nomidagi Buxoro maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab internati o‘quvchisi Og‘abek Axtamov faxrli 3-o‘rinni egalladi.

“Eng yosh mug‘om ijrochisi” sifatida R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi Umarjon Akmalov e’tirof etildi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash