“Havaskor ijodkor yoshlar teatr-studiyalari” ko‘rik-festivali g‘oliblari taqdirlandi
26 May, 2023 - 22:35
554
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Joriy yilning 2023-yil 22-26-may kunlari poytaxtimiz Toshkent shahrida “Havaskor ijodkor yoshlar teatr-studiyalari” ko‘rik-festivali bo‘lib o‘tdi.
Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda respublika kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida bir bosqichda tashkil etildi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shaharidan tashrif buyurgan 15 ta jamoadan 168 nafar ishtirokchi jalb etildi.
Yoshlar tomonidan namoyish etilgan spektakllar Toshkent shahridagi O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri hamda “Diydor” yoshlar eksperemental teatr-studiyalarida namoyish etildi.
Ishtirokchilar nufuzli Hakamlar hay’ati tomonidan mavzuning dolzarbligi, jamoalarning badiiy chiqishlari va sahna ko‘rinishlarini tayyorlashda o‘ziga hosligi, aktyor (aktrisa)larning mahorati, sahnadagi harakati va nutqi, ijodiy, asar mavzusining qahramonlar tomonidan ochib berilganligi, ifoda vositalaridan foydalanish, musiqaning mavzuga to‘g‘ri tanlanganligi kabi mezonlar bo‘yicha baholandi.
Ko‘rik-festival g‘oliblari shu yilning 26 may kuni Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida taqdilandi.
Yuqori saviyada o‘tkazilgan taqdirlash marosimida ishtirok etgan vazir o‘rinbosari M.Majidov g‘oliblarni vazirlikning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.
Ko‘rik-festival mamlakatimizda teatr san’atini yanada rivojlantirish, teatrlashtirilgan ommaviy tadbirlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasi va ta’sirchanligini kuchaytirish, iste’dodli va ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini oshirish, tasarrufdagi ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi o‘quvchilarni havaskor teatr-studiyalariga jalb etish hamda teatr san’ati sohasida malakali yosh mutaxassislarni izlab topish va ularning mahoratini oshirish yo‘lida xizmat qiladi.
Ko‘rik-festival g‘oliblari ro‘yxati:
“Eng yaxshi sahna ko‘rinishi” nominatsiyasi g‘olibi “Muallim” spektakli bilan Respublika musiqa va san’at kolleji;
“Milliy an’ana va qadriyatlarni tarannum etgani uchun” nominatsiyasi g‘olibi “Jaydari kelin” spektakli bilan Andijon ixtisoslashtirilgan san’at kolleji;
“Eng yaxshi estrada talqini uchun” nominatsiyasi g‘olibi
“Bremenskiye muzikanti” spektakli bilan K.Zaripov respublika estrada sirk kolleji;
“Dolzarb mavzuning sahnaviy talqini uchun” nominatsiyasi g‘olibi
“Eski shahara gavroshlari” spektakli bilan Jizzax ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi;
“Eng yaxshi erkak roli uchun” nominatsiyasi g‘olibi Nukus ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi o‘quvchisi Said Artikov;
“Eng yaxshi ayol roli uchun” nominatsiyasi g‘olibasi Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘quvichisi Sevinch Gaipova;
“Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyasi g‘olibi, “Muallim” spektaklini sahnalashtirgan Respublika musiqa va san’at kolleji o‘qituvchisi
Rustam Jo‘rayev;
“Eng yaxshi havaskor teatr-studiya” nominatsiyasi g‘olibi nominatsiyasi g‘olibi “Tikonsiz tipratikonlar” spektakli bilan Namangan ixtisoslashtirilgan san’at maktabi;
“Mavzuga kreativ yondashuv” nominatsiyasi g‘olibi “Bo‘sh xona” spektakli bilan Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktabi;
“Eng yaxshi musiqiy bezak uchun” nominatsiyasi g‘olibi “Kitob” spektakli bilan Urganch ixtisoslashtirilgan san’at maktabi.