“Piknik madaniyati” aksiya tadbiri o‘tkazilmoqda

27 May, 2023 - 15:02
523
“Piknik madaniyati” aksiya tadbiri o‘tkazilmoqda

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Toshkent shahridagi “Zahiriddin Muhammad Bobur” markaziy eko bog‘ida “Piknik madaniyati” aksiya tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir, shuningdek, shu kunning o‘zida Respublikaning barcha hududlarida, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlardagi markaziy xiyobonlarda ham tashkil qilinishi belgilangan.

Madaniyat va turizm vazirligi, Tabiat resurslari vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi tomonidan o‘tkaziladigan tadbirda aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlar, talabalar, yosh oilalar va nuroniylar ishtirok etishi maqsad qilingan.

Aksiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2023-yil 26-apreldagi PQ-135 sonli “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda.

Aksiyaning ochilish marosimida Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umrzoqovlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar maqsad O‘zbekistonning ochiq havoda, tabiat qo‘ynida dam olish imkoniyatlarini namoyish etish, tabiatni qadrlash, asrab-avaylashni targ‘ib qilish, istirohat bog‘lari va xiyobonlarda turizm xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga yo‘naltirilgan turizm faoliyati subyektlarining faolligini oshirish, ichki turizmni rag‘batlantirish va rivojlantirishga erishish ekanini ta'kidladi.

Shuningdek, aholini ochiq havoda, tabiat qo‘ynida, xiyobonlarda dam olishga chorlash va piknik madaniyatini targ‘ib qilish, turli o‘yinlar, musobaqalar orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ham maqsad qilingani aytildi.

Ma’lumot uchun, piknik – bu zamonaviy ma’noda tabiat qo‘ynida taomlanish, go‘zal manzarali joylar, bog‘, ko‘l qirg‘og‘i, plyaj yoki o‘rmon, ochiq havoda tashkil etilgan dam olish turidir.

Ta’kidlash joizki, piknik doirasida ishtirokchilar o‘rtasida turli konsert tomoshalari, qo‘g‘irchoq teatri, yosh iste’dodli yoshlar, sirk tomoshalari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, yosh va havaskor rassomlar tomonidan master-klasslar tashkil etildi. Bundan tashqari, kitobxonlik musobaqalari, turli sport o‘yinlari (badminton, shaxmat, voleybol va boshqalar) ham tashkil etilgab. Ishtirokchilar o‘z imkoniyatlarini turli sohalarda sinab ko‘rishadi.

Rang-barang konsert dasturlari esa ularga madaniy hordiq bag‘ishlaydi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash