Namangan 62-Xalqaro gullar festivali doirasida “O‘zbegim palovi madaniyati” tanlovi o‘tkazildi

31 May, 2023 - 19:06
429
Namangan 62-Xalqaro gullar festivali doirasida “O‘zbegim palovi madaniyati” tanlovi o‘tkazildi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Namangan bugungi kunda nafaqat anvoyi gullari, balki betakror tabiatga ega maskanlari, qolaversa, gastronomik turizmi bilan ham ichki va tashqi sayyohlar eʼtiborini qozonmoqda. 

62-Xalqaro gullar festivali doirasida o‘tkazilgan “O‘zbegim palovi madaniyati” tanlovi namanganlik oshpazlarning milliy taom tayyorlashdagi bor mahoratini yana bir karra namoyon etish imkonini berdi.

Namanganda bo‘lib o‘tayotgan 62-Xalqaro gullar festivali uzoq-yaqindan kelayotgan gul shaydolarini maftun etayotgani ayni haqiqat. 

Ayniqsa, festival doirasida tashkil etilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, konsert dasturlari hamda shoular sayyohlar oqimini Namangan sari chorlamoqda. “Afsonalar vodiysi” tematik parkida 4 kun mobaynida o‘tkazilgan “O‘zbegim palovi madaniyati” tanlovi namanganlik oshpazlarning nafaqat mahoratini ko‘rsatish, qolaversa, tajribalar almashishi bilan ahamiyatli bo‘ldi. 

Musobaqada 100 dan ortiq oshpazlar qatnashib, uning final bosqichi eng mahoratlilar o‘rtasida kechdi. Namangan shahridagi “Beshchinor” oshxonasining yosh oshpazi Yaxyoxon Abdulxayevning bitta qozonda 2 xil oshni tayyorlagani barchaning hayratiga sabab bo‘ldi.

Tanlovda o‘zbek xalqining milliy taomi hisoblangan oshning barcha turlarini tayyorlashga eʼtibor qaratildi. Qazili, kavatakli, sarimsoqpiyozli, golubsili oshlar devzira, cho‘ng‘ara, lazer guruchlarida pishirildi.

Shuningdek, oshxona va restoranlardagi xizmat qilish tajribalari ham ko‘rsatildi. Final bosqichi ishtirokchilari belgilangan vaqt oralig‘ida osh tayyorlab, hakamlar hukmiga havola etdilar.

Taqdirlash marosimida g‘oliblar nomi eʼlon qilindi. 

“Eng yosh oshpaz”, 

“Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi”,

“Eng mazali o‘zbek taomi”,

“Eng mazali kavatakli osh”, 

“Eng mazali sarimsoqpiyozli osh”,

“Faol ishtiroki uchun” kabi nominatsiyalar belgilanib, g‘oliblariga diplom, esdalik sovg‘alari topshirildi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash