Polshaning yirik aviakompaniyasi O‘zbekiston orqali parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda

05 Jun, 2023 - 16:46
965
Polshaning yirik aviakompaniyasi O‘zbekiston orqali parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Madaniyat va turizm vazirligi rasmiylari va Polshaning “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasining Tarmoqlar va alyanslar departamenti direktori L.Rudera boshchiligidagi deligatsiya o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasini mamlakatimiz bozoriga jalb etish va aviakompaniya ishtirokida O‘zbekiston shaharlari orqali dunyoning turli nuqtalariga parvozlarni amalga oshirishga qaratildi. Muzokoralar jarayonida mamlakatimizda turizm sohasida faoliyat olib borayotgan yetakchi tadbirkorlik subyektlari ham ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida xorijiy tomonga O‘zbekiston hududida amaldagi barcha imtiyoz va preferensiyalar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, Samarqand xalqaro aeroportida “Ochiq osmon” rejimi joriy etilganligi va endilikda xorijiy aviakompaniyalar havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning mavjud yoki mavjud emasligidan qat’iy nazar aviaqatnovlarni amalga oshira olishi xabardor qilindi.

Muloqot davomida O‘zbekiston bozoridagi o‘z faoliyatida duch kelayotgan muammolar va kelgusi rejalari, shuningdek, turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi vakillari ham O‘zbekiston ular uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligini va 2024-yil mart oyida “Varshava – Toshkent – Varshava” yo‘nalishida haftasiga 3 marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar ochilishi hamda 2-bosqichda Samarqandga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilganligini ma’lum qildi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Madaniyat va turizm vazirligi va “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi o‘rtasida muntazam axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, aviakompaniya havo kemalarida va veb-resurslarida O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish va targ‘ibot materiallarini birgalikda tayyorlash hamda istiqbolli aviayo‘nalishlarni hamkorlikda ishlab chiqishga kelishib olindi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash