Madaniyat va turizm vaziri Qatar milliy kutubxonasi faoliyati bilan tanishdi

17 Jun, 2023 - 12:40
545
Madaniyat va turizm vaziri Qatar milliy kutubxonasi faoliyati bilan tanishdi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov Qatar safari davomida mamlakat milliy kutubxonasi prezidenti, davlat vaziri Hamad bin Abdulaziz Al-Kavari taklifi bilan ushbu ma’rifat markazida bo‘lib, faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tanishuv davomida Hamad bin Abdulaziz Al-Kavari Qatar milliy kutubxonasining tarixi, bugungi faoliyati, maskanning yangi binosini barpo etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, ilm-fan, islom madaniyati rivojida yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar, xususan Imom Al-Buxoriy, Ibn Sino, Al-Xorazmiylarning o‘rni katta ekanini ta’kidlab, O‘zbekistondagi mavjud qo‘lyozmalar, ilmiy asarlarni o‘rganish, tadqiq etishga katta ehtiyoj borligini ta’kidladi.

Kutubxona faoliyatining eng muhim vazifalardan biri—qadimiy qo‘lyozmalarni izlab topish, hattoki shaxsiy kolleksiya va auksionlardan sotib olish va jamlashdan iborat ekanini aytdi va kutubxona fondida jamlangan Ibn Sino va Muso at-Termiziylarning qo‘lyozmalari bilan tanishtirdi.

Uchrashuv yakunida Qatar milliy kutubxonasi bilan qadimiy ilmiy asarlar, qo‘lyozmalarni o‘rganish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish, kutubxonaning uzoq yillik tajribasidan foydalani qadimiy va noyob asarlarning noqonuniy harakatini aniqlash, asarlarni qaytarish bo‘yicha texnologik va uslubiy yechimlar yuzasidan tajriba almashishga kelishib olindi.

Shu o‘rinda ma’lumot: Qatar Milliy kutubxonasi Qatar ta’lim, fan va jamiyatni rivojlantirish jamg‘armasiga qarashli notijorat tashkilot. Ziyo maskani Fors ko‘rfazi mintaqasida eng birinchi tashkil etilgan kutubxonalardan biri hisoblanadi(1962-yil 29-dekabrda tashkil etilgan).

Kutubxona fondidan 1 milliondan ortiq kitoblar va 500 mingda ortiq elektron kitoblar, davriy nashrlar va gazetalar hamda maxsus to‘plamlar joy olgan.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash