Mug‘om festivali g‘oliblari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi

27 Jun, 2023 - 10:12
611
Mug‘om festivali g‘oliblari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 18–25-iyun kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida “Mug‘om olami” VI xalqaro festivali o‘tkazildi va unda yurtimiz vakillari munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Ushbu xalqaro festivalda Ozarbayjon, O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Misr kabi 20 dan ortiq davlatlardan 70 nafardan ortiq qatnashchilar ishtirok etishdi.

Mazkur festival ikki turdan iborat o‘lib, tur yakunlariga ko‘ra, festivalda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti “Maqom xonanadaligi” kafedrasi o‘qituvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mohichehra Shomurodova Gran-Pri, mazkur institutning “Maqom cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi 2-bosqich talabasi Shohjahon Yoriyev 2-o‘rinni hamda Buxoro namunali maqom ansambli xonandasi Do‘stmurod Negmurodov 3-o‘rinni egalladi.

Xalqaro festivalda g‘olib bo‘lgan O‘zbekistonlik ishtirokchilarni 2023-yil, 27-iyun kuni, soat 02:30 da Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Tantanali kutib olish marosimida madaniyat va turizm vaziri O.Nazarbekov, O‘zbek Milliy maqom san’ati markazi direktori S.Begmatov, taniqli san’atkorlar O‘zbekiston xalq artistlari Munojat Yo‘lchiyeva, Abduhoshim Ismoilov va boshqa ijodkorlar, maqom ansambli, raqqoasalar, karnay-surnay jamoasi ommaviy axborot vositilari vakillari qatnashdi.

O‘tkazilgan qisqacha mitingda so‘z olgan madaniyat va turizm vaziri O.Nazarbekov festival ishtirokchilarini muvaffaqiyatlar bilan qutladi:

"Bu har qancha olqishga, har qancha e’tirofga, hurmat va ehtiromga loyiq natijadir!

Tabiiyki, “Bunday muvaffaqiyatlarning zamirida nima yotibdi?”, degan haqli savol o‘rtaga tashlansa, men hech ikkilanmay aytgan bo‘lardimki: bu hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning madaniyat va san’at sohasiga, xususan, maqom san’atini rivojlantirishga qaratayotgan yuksak e’tiborlari natijasidir.

Aynan davlatimiz rahbari tufayli maqom san’ati yana xalqimizga qaytdi. O‘zbek milliy maqom san’atini rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, katta ishlar boshlandi. Xalqaro maqom san’ati anjumani tashkil etildi. O‘zbek milliy maqom san’ati markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ta’lim muassasalarida maqom sirlari o‘rgatilmoqda. Va, albatta, ana shu ezgu ishlar bugun o‘z mevalarini bermoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, men Yangi O‘zbekiston davrini maqomning qayta tug‘ilgan davri degan bo‘lardim.

Fursatdan foydalanib, xalqaro festivalda Vatanimiz nomini ulug‘lashga munosib hissa qo‘shgan barcha ijodkorlarimizga chin dildan tashakkur izhor qilaman!

G‘olib san’atkorlarimizning ustozlariga, oila a’zolariga ham minnatdorlik bildiraman".

Ma’lumot uchun: “Mug‘om olami” VI xalqaro festivali mug‘om va unga yaqin bo‘lgan musiqalar (maqom, muqam va boshqalar) ijrochilari o‘rtasida har ikki yilda o‘tkaziladi. Festivalning tashkilotchilari Haydar Aliyev jamg‘armasi, Ozarbayjon madaniya va turizm vazirligi va Ozarbayjon kompozitorlar uyushmasi hisoblanadi. Mazkur festival birinchi marta 2009-yil 15-25-mart kunlari Boku shahrida o‘tkazilgan.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash