Qadimiy Axsikent yodgorligida ochiq osmon ostidagi to‘rtta muzey quriladi

03 Jul, 2023 - 14:10
544
Qadimiy Axsikent yodgorligida ochiq osmon ostidagi to‘rtta muzey quriladi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Axsikent” arxeologik yodgorlik majmuasini vodiyning yirik turizm markaziga aylantirish bo‘yicha loyiha ustida ish boshlandi.

Axsikent mamlakatdagi yirik tarixiy obyektlardan biri bo‘lib, uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish nafaqat Namangan viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysi turizm salohiyatini ko‘tarish, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini bir necha barobar ortishi uchun imkoniyat beradi.

Shu kunlarda tarixiy majmuada maxsus loyihaning birinchi bosqichi doirasida arxeologlar tomonidan o‘rganilib, ochib qo‘yilgan to‘rtta obyektda ochiq osmon ostidagi muzeylar qurilishi boshlandi.

Keyingi bosqichda esa, sayyohlar uchun infratuzilma obyektlarini - katta istirohatgoh, hunarmandlar markazi va karvonsaroy hamda boshqa inshootlarni barpo etish maqsad qilingan. Rejaga ko‘ra, qadimgi Axsikent va Axsi qishlog‘ini daryo yoqalab bog‘lab, yaxlit yirik sayyohlik majmuasini barpo etiladi.

Ma’lumot uchun, Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo‘lib, qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan. Tarixiy manbalarda, xususan, “Boburnoma”da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko‘p yozilgan. Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti bo‘lgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan.

Shahar Ark, ichki va tashqi shaharlardan iborat bo‘lib, bu yerda o‘z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari yaxshi rivojlangan.

Bugungi kunda Axsikentning 100 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo‘lib, Farg‘ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome’ masjidi, mudofaa devorlari, yer osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o‘rganilgan.

Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq 2017-yilda Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uni o‘rganish bo‘yicha ulkan ishlar boshlandi. “Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

Mazkur yodgorlik Namangan viloyatining sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash