Davlat mukofotlari hamda “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi

30 Jul, 2023 - 21:44
838
Davlat mukofotlari hamda “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

O‘zbekiston qadimdan do‘stlik va tinchlik, birodarlik va qardoshlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik rishtalari ulug‘langan diyor sifatida jahonda shuhrat qozongan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021-yil 10-fevralda qabul qilingan qonunga asosan O‘zbekistonda 30-iyul sanasi Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanmoqda.

Bugun yurtimizda 130 tadan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandidek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Yurtimizda 156 ta milliy madaniy markaz 38 ta do‘stlik jamiyatlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular turli millat va elatlarga mansub fuqarolarning ezgu qadriyatlarini asrab-avaylash, urf-odat va an’analari bardavomligini ta’minlash, yosh avlodni millatlararo bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shmoqda.

Milliy madaniy markazlar faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun keng sharoitlar yaratish masalasi milliy qonunchiligimizda ham o‘z aksini topgan. Ayni paytda grantlar, ijtimoiy buyurtma va subsidiyalar orqali ham ularning turli ilg‘or tashabbuslari faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Respublikamizda uchinchi bor bayram qilinayotgan ushbu sana munosabati bilan davlatimiz rahbari farmoniga asosan bir guruh hamyurtlarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlari — orden va medallari bilan taqdirlandilar. Joriy yilning 29 iyul kuni poytaxtimizdagi “Interkontinental” mehmonxonasida ana shu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali tarzda topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlarning vakillari, yurtimizda millatlararo do‘stlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz taklif etildi. Ushbu tantanali kun munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi yo‘llanib, 26 nafar turli millat vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Tadbir ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Prezident Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan mukofotlangan turli millat vakillariga davlat mukofotlarini topshirishdi.

Qayd etilganidek, konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani muhrlab qo‘yilgan. Ularga o‘z madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shgan mahalliy va xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarning fidoyi mehnatini munosib taqdirlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-iyundagi 335-sonli qaroriga asosan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan.
Joriy yil 150 nafar yurtdoshlarimiz va xorijiy hamkorlar “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Bayram tadbirida yurtimizda millatlararo munosabatlarni mustahkamlashda qo‘shgan hissasi uchun OAV vakillari, do‘stlik jamiyatlari faollari va hamkor tashkilotlar xodimlaridan bir guruhiga shu mukofotlar topshirildi.

Qo‘mita raisi Rustambek Kurbanov yuksak mukofotga sazovor bo‘lganlarni samimiy muborakbod etib, bugun yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi va yuksak mukofotlarni egalariga topshirdi.

Milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari vakillari shunday yuksak e’tiboga sazovor bo‘lishganidan davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorchiliklarini izxor etib, yurtimizda xukm surayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ko‘z qorachig‘idek asrab avaylash kerakligi hususida fikr bildirishdi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash