Rasmiy munosabat

07 Oct, 2023 - 08:36
1668
Rasmiy munosabat

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan madaniyat va san’at sohasi vakillari portalini ishlab chiqish xarajatlari bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan e’tirozlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz. 
Avvalo, bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan madaniyat va san’at sohasi vakillari, ularning ijodiy faoliyati to‘g‘risida aholiga ishonchli ma’lumotlarni yetkazib beradigan yagona ochiq axborot tizimi mavjud emas. 
Ikkinchidan, aholimizning to‘y, marosim va boshqa tadbirlarga o‘zlari ma’qul ko‘rgan san’atkor, ijodkor yoki ijodiy jamoalarni taklif qilish istagi bo‘lsa-da, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontakt o‘rnatish, bog‘lanish yoki reja qilingan kuni ularning vaqti, imkoniyatini bilish qiyinchilik tug‘dirib keladi. Ya’ni, san’atkor va muxlis o‘rtasida integratsion maydon mavjud emas. 
Uchinchidan, yaratilayotgan portal ensiklopedik xususiyatga ega bo‘lib, faqat 10 nafar san’atkornigina emas, balki mamlakatimizda ijod qilayotgan barcha madaniyat va san’at sohasi vakillari – xonanda-sozanda, aktyor-aktrisa, rejissyor, shoir-yozuvchi, so‘z ustalari, raqs san’ati, tasviriy va amaliy san’at vakillari, askiyachilar, baxshi, jirov, oqinlar, sirk artistlari, folklor jamoalari, ashula va raqs ansambllari, estrada guruhlari, orkestr va xor jamoalari, teatr jamoalari to‘g‘risidagi aniq va ishonchli ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi. 
To‘rtinchidan, mazkur onlayn tizim Elektron hukumatning markazlashgan platformasi; san’atkorlarning litsenziyasi bor yoki yo‘qligini tekshirishga ko‘maklashuvchi Adliya vazirligining “Litsenziya” axborot tizimi (https://license.gov.uz) hamda foydalanuvchilarga san’at va madaniyat vakillari ijodiga baho berish, sharh qoldirish imkoniyatini beradigan “Imkon Uzbekistan” NNTning “commeta sharh” onlayn platformasi (https://sharh.commeta.uz/) bilan integratsiya qilinadi. 
Beshinchidan, portal orqali madaniyat va san’at vakillarini davlat mukofotlariga tavsiya etishda shaffoflikni ta’minlash, jumladan, “Reyting baholash” quyi tizimi orqali keng jamoatchilikning sharh va kommentlarini hisobga olish, ijodkorlar faoliyatini adolatli sarhisob qilish, umumiy baholarni avtomatik ravishda hisoblab borish reja qilingan.  
Vazirlik yuqoridagi zarurat va ehtiyojlardan kelib chiqib yagona ochiq axborot tizimini yaratish tashabbusini ilgari suradi. Mazkur portalni ishlab chiqish xarajatlari esa ko‘p funksiyali va katta ma’lumotlar bazasini o‘zi ichiga qamrab oluvchi yangi tizimning murakkab texnik vazifalarini hisobga olgan holda belgilangan. 
Ommaviy axborot vositalari vakillari, keng jamoatchilikka mazkur portal haqida to‘liq ma’lumot olish imkoniyatini yaratish uchun kelgusida vazirlik tomonidan brifing o‘tkazilishini ma’lum qilamiz.  

Madaniyat vazirligi 
Axborot xizmati

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash