RASMIY MUNOSABAT

09 Nov, 2023 - 21:30
1203
RASMIY MUNOSABAT

Jamoiatchilik bilan aloqalar (axborot xizmati) bo'limi

   Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun madaniyat va san’at xodimlariga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi yuzasidan Madaniyat vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:
   O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni 3-moddasida o‘z kasbiy faoliyatini madaniyat tashkilotlarida amalga oshiruvchi jismoniy shaxs madaniyat xodimi, kasbiy yoki nokasbiy asosda (havaskorlik asosida) madaniy faoliyatning bir yoxud bir necha yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxs ijodkor ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
    Madaniyat va san’at sohasi vakillari, ijodkorlar, shuningdek, 
ushbu sohada faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchi va xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 76-maqsadida belgilangan.
   Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi PQ–112-son qarori 11-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan ushbu hududda uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va san’at sohasi vakillariga hamda iste’dodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi 
PF–33-son Farmoniga muvofiq belgilangan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori bo‘lmagan miqdorda subsidiya berilishi belgilab qo‘yilgan.
   Bugungi kunda madaniyat va san’at sohasida 36 mingdan ortiq xodimlar faoliyat olib boradi. Ulardan 850 nafardan ziyodi oliy ta’lim tizimida, 2500 nafari o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tizimida, 12 ming nafardan ortiq o‘qituvchilar bolalar musiqa va sanat maktablarida, 9 ming nafardan ko‘proq murabbiylar madaniyat markazlarida, 6 ming nafardan ortiq ijodkorlar teatr va sirk sohasida, 2 900 nafardan ortiq san’atkor va ijodkorlar konsert-tomosha sohasida  mehnat qilib kelmoqda.
Qolaversa, xalqaro miqyosdagi ko‘rik-tanlovlar va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallab, Vatanimiz nomini ulug‘lashga hamda madaniyat va san’at sohasi rivojiga katta hissa qo‘shayotgan madaniyat va san’at sohasi vakillarining aksariyati uzoq yillardan buyon oilaviy yotoqxonalarda va ijara uylarda yashab kelishmoqda.
   Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda iddao qilinayotganidek, madaniyat va san’at sohasi vakillarining hammasi ham bir xilda to‘y-hasham, tug‘ilgan kun va yoki boshqa tadbirlarda xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha daromad topish imkoniyatiga ega emas. Lekin shunga qaramay, ular o‘z kasbiga mehr qo‘yib, fidoyilik bilan mehnat qilmoqda. 
   Internet saytlari, ijtimoiy tarmoq sahifalari, rasmiy nashrlar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish 
portalida madaniyat va san’at sohasi vakillari sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish yoki yolg‘on, sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish kabi huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymagan holda qonunchilik hujjatlari yuzasidan asoslangan taklif va mulohazalar bildirilishini so‘rab qolamiz.
   Zero, madaniyat va san’at sohasi xodimlari ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan qo‘riqlanadigan shaxsiy daxlsizlik huquqlaridan erkin foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hisoblanadilar. 
Vazirlik har doim ochiqlik, shaffoflik va so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Shunga ko‘ra, sohaga doir o‘zingizni qiziqtirgan zaruriy ma’lumotlarni vazirlik Matbuot xizmati yoki rasmiy veb-saytidan olishingiz mumkin.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash