Davra suhbati tashkil etildi

15 Jun, 2022 - 17:19
435
Davra suhbati tashkil etildi

Axborot va matbuot xizmati

Madaniyat vazirligida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” hamda “Siz o‘z huquqingizni bilasizmi?” mavzularida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminov, Toshkent davlat yuridik universiteti “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Shuhrat Kuchimov, madaniyat vazirining maslahatchisi Shavkat Ortiqov, Madaniyat vazirligi Yuridik byuro boshlig‘i Alisher Saidjonov hamda vazirlik markaziy apparati xodimlari ishtirok etdi.

Har ikki mavzuning birgalikda muhokama qilingani bejiz emas, albatta. Gap shundaki, mamlakatimizda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida davlat tilining to‘liq joriy etilishini ta’minlash, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, qolaversa, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda huquqiy bilimlarini mustahkamlash yuzasidan keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Bu boradagi sa’y-harakatlar esa samaradorlikka erishish nuqtai nazaridan o‘zaro bog‘liqdir.

Ma’ruzalarda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari yurtimizda davlat tilini to‘laqonli joriy qilishda dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Shu jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi 61-son qarori asosida mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-maydagi “2022-2023-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori keng ko‘lamli vazifalarni qamrab olgan bo‘lib, mohiyatiga ko‘ra aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonligini oshirishni ta’minlashdan iborat.

Davra suhbatida shu yo‘nalishlarda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan muhim jihatlar va kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida so‘z bordi. Davlat tili targ‘ibotini kuchaytirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Madaniyat.uz | Telegram  | Facebook) | Instagram  | YouTube 

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash