Mustaqilligimiz ramzi, g‘urur timsoli

02 Jul, 2022 - 12:44
642
Mustaqilligimiz ramzi, g‘urur timsoli

Axborot va matbuot xizmati

2-iyul ‒ O‘zbekiston xalqi uchun unutilmas va tarixiy ahamiyatga ega kunlardan biri. Bundan roppa-rosa 30 yil muqaddam aynan ushbu sanada “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan.

Gerbimiz xuddi bayrog‘imiz va madhiyamiz singari davlatimiz mustaqilligining ramzi hisoblanadi. U xalqimizning tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida ifoda etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Davlat gerbidagi har bir belgi, rang va chiziq teran ramziy ma’noga ega. Purviqor tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turibdi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak, uning ichki qismida yarim oy va yulduz, markazida baxt va erksevarlik timsoli — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “O‘zbekiston” deb yozib qo‘yilgan.

Bu kun O‘zbekistonni jondan sevadigan, shu go‘zal Vatanimiz bilan faxrlanadigan, uning mustaqilligini mustahkamlash, taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishni o‘zining farzandlik burchi deb biladigan har bir fuqaroning bayramidir.

Davlat gerbi qabul qilingan kun barchamizga muborak bo‘lsin, azizlar!

Madaniyat.uz  | Telegram  | Facebook  | Instagram | YouTube 

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash