O‘zbekiston Qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva nomidagi stipendiya ta’sis etildi

11 Jan, 2023 - 16:52
1426
O‘zbekiston Qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva nomidagi stipendiya ta’sis etildi

Axborot va matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi va uni 2021-2022-yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi to‘g‘risida” 2022-yil 8-noyabrdagi 128-sonli qarorining 5-bandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim muassasalarida ilm-fan sohasida muvaffaqiyatga erishgan mashhur o‘zbek ayollari nomi bilan ataluvchi stipendiyani joriy etish to‘g‘risida” 2022-yil 22-dekabrdagi 422-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida ta’lim olayotgan talabalar uchun san’atimizning chin ma’nodagi fidoiysi, O‘zbekiston Qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva nomidagi stipendiya ta’sis etildi.

Qayd etilishicha, mazkur stipendiya Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining 2-kursni tugatgan bakalavriat hamda 1-kursni tugatgan magistratura talabalariga berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, nomzod tanlov asosida saralanadi.

Talabgorning hujjatlari Institut Ilmiy bo‘limi tomonidan qabul qilinadi. Tanlovda qatnashish uchun taqdim etilgan hujjatlar tanlov muddati tugagach bir hafta muddatda Tanlov komissiyasiga taqdim etiladi va komissiyasining qarori bilan hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun ekspertlar belgilanadi.

Ekspertlar Tanlov komissiyasi a’zolari va Institut professor-o‘qituvchilari yoki zarur hollarda boshqa tashkilotlardan jalb etilayotgan ekspertlarning roziligi bilan tayinlanishi ko’zda tutilgan.

Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va stipendiyaga tavsiya etilganlarning ro‘yxati Kengash raisi tomonidan buyruq asosida tasdiqlanib stipendiyani to‘lab berish uchun taqdim etiladi.

Stipendiantlar bo‘yicha fakultet yoki bo‘limning institut ichki tartib qoidalarini buzganligi yoki ilmiy faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi to‘g‘risidagi taqdimnomasiga ko‘ra, Kengash qarori bilan stipendiya berilishi to‘xtatiladi. 

Tanlovda qatnashgan talabgorlarning ariza va shikoyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, tanlovda qatnashish uchun kiritilgan materiallar qaytarib berilmaydi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash