Rasmiy munosabat

25 Jan, 2023 - 18:18
595
Rasmiy munosabat

Axborot va matbuot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlardan mamlakatimizdagi bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan e’lon qilingan material bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi:

O‘zbekistonda anomal sovuq ob-havo kirib kelishi munosabati bilan barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalarida qishki ta’til muddati 2023-yilning 23-yanvarigacha uzaytirildi. Mazkur davr mobaynida bolalar musiqa va san’at maktablarida ota-onalar tomonidan badal to‘lovlari undirilmaydi. Bu haqda hududiy madaniyat boshqarmalariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Hozirgi vaqtda bolalar musiqa va san’at maktablarida badal to‘lovlari hududlar kesimida bazaviy hisoblash miqdorining 20-75 foizigacha etib belgilangan. Ushbu to‘lov miqdorlari faqatgina bazaviy hisoblash miqdorining oshishiga bog‘liq.  

Shu o‘rinda xalqaro amaliyotdan misol sifatida keltirish joizki, musiqa ta’lim yo‘nalishida bir o‘quvchi uchun o‘rtacha to‘lov miqdori Germaniyada 50-60 dollar, Rossiyada 10-100 dollar, Qozog‘istonda 150 dollarni tashkil etadi.

Albatta, mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, moddiy ta’minotini yaxshilash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu masala davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Jumladan, Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2023 yilni yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb e’lon qildi.

Mazkur Murojaatnomadan kelib chiqib, mamlakatimizda olib borilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida bolalar musiqa va san’at maktablarida faoliyat olib borayotgan ustoz va murabbiylarning oylik ish haqlarini tizimli ravishda oshirish hamda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha vazirlik tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Musiqa maktablarining kommunal to‘lovlarini maqbullashtirish bo‘yicha ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi 112-son qaroriga asosan vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasida bolalar musiqa va san’at maktablarining kommunal to‘lovlarini mahalliy budjetga o‘tkazish masalasi ham nazarda tutilgan.   

Mamlakatimizda “yashirin iqtisodiyot” va korrupsiyaning oldini olish, budjet sarf-harajatlarini tizimli monitoring qilib borish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq bolalar musiqa va san’at maktablari tomonidan barcha turdagi vositalar tovar xom-ashyo birjasi orqali ochiq tanlovlar asosida xarid qilinadi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil
2-fevraldagi 112-son qarori bilan tasdiqlangan reja-jadvalga ko‘ra, bolalar musiqa va san’at maktablari cholg‘u asboblari bilan ta’minlanmoqda.

Musiqa maktablari o‘rtasida o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlarda g‘olib bo‘ladigan o‘quvchilarga deyarli hech qanday imtiyoz yo‘q. Viloyat bosqichida g‘olib bo‘lganlarga ko‘p hollarda faxriy yorliq, qandaydir arzonroq vaza-idish berish odatiy hol.

Bundan tashqari, ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichidan keyingi respublika bosqichi ko‘p holatda o‘tkazilmay, mavhum bo‘yicha qolib ketadi”, degan iddaolar hech qanday asosga ega emas.

Vazirlik tomonidan bolalar musiqa va san’at maktablari o‘rtasida o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar g‘oliblarini munosib rag‘batlantirish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Masalan, “Ota-onalar tomonidan bolalarning bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘qishi uchun haq to‘lash va undan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom”ga asosan musiqa va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro (1 – 3-o‘rinlar) va respublika (1-o‘rin) tanlovlarida g‘olib bo‘lgan bolalar – bir kalendar yil mobaynida (g‘olib deb e’lon qilingandan keyingi oydan boshlab 12 oy mobaynida) o‘qish uchun to‘lovlardan ozod qilinadi.

Shuningdek, o‘quvchilari xalqaro ko‘rik-tanlov va festivallarda 1, 2, 3, 4-o‘rinlarni egallagan o‘qituvchi va konsertmeysterlar tegishincha eng kam oylik ish haqining 10, 9, 8, 7 barobari miqdorida, respublika tanlovlarida 1, 2, 3-o‘rinlarni egallaganligi uchun esa tegishincha eng kam ish haqining 6, 5, 4 barobari miqdorida mukofotlanishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarorida bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilarining musiqa fanlari bo‘yicha tanlovlari har uch yilda bir marta tuman (shahar), viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilishi belgilangan. Shunga muvofiq, M.Qori-Yoqubov nomidagi respublika tanlovi so‘nggi bor 2021-yilda o‘tkazilgan bo‘lib, navbatdagi tanlovni 2024-yilda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bolalar musiqa va san’at maktablarida milliy musiqiy asarlar yoshlarning qiziqishi hamda soha mutaxassislarining fikr-mulohazalaridan kelib chiqqan holda tanlovlarning ijro dasturlariga kiritiladi.

O‘z navbatida, vazirlik bolalar musiqa va san’at maktablarini rivojlantirish, yosh iqtidorlarni kashf etish va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash yuzasidan jamoatchilik bildirayotgan takliflarga doimo ochiq va bunday munosabatlarga alohida e’tibor qaratadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Madaniyat va turizm vazirligi

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash