Mehr-muruvvat va saxovat insoniylik ziynati
27 Jan, 2023 - 18:21
751
Axborot va matbuot xizmati
Xalqimizda azaldan ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, jismoniy zaiflikka ega bo‘lgan shaxslarga mehr ulashish, ko‘mak berish va e’tibor qaratish an'anaga aylangan.
Jumladan, Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 9-avgustdagi PQ-5215-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.
Buning aksi o‘laroq, bugun vazirlikning mutasaddi xodimlari tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi 22-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun madaniy va ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasining yosh iqtidorli honandalari, O‘zbekmilliy qo‘g‘irchoq teatri aktyor va aktrisalari, O‘zbekiston davlat san’at va ma’daniyat instituti hamda Botir Zokirov nomidagi milliy estrada san’ati instituti talabalarining badiiy va ko‘rgazmali chiqishlari, ko‘y-qo‘shiqlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi xayriya konsert dasturlari yil davomida Respublika bo‘ylab o‘tkazilishi rejalashtirilgan.