Madaniyat markazlarining 2023-yildagi ish rejalari tasdiqlandi
01 Feb, 2023 - 09:44
884
Axborot va matbuot xizmati
Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan hududlarda faoliyat olib borayotgan 832 ta madaniyat markazining 2023-yildagi 6 oylik ish rejalari markazlashtirilgan holda tasdiqlandi.
Mazkur amaliyotning joriy etilishi madaniyat markazlari faoliyatini takomillashtirish, doimiy nazoratga olish, amaliy yordam koʻrsatish va ijodiy salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan.
Yarim yillik ish rejalarida quyidagilar belgilangan:
Birinchi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish boʻyicha 2021 – 2022-yillarda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash yuzasidan
har oy yakuni boʻyicha madaniyat markazlarida monitoring oʻtkazish.
Ikkinchi, madaniyat markazlarida ijodiy toʻgaraklar, havaskorlik jamoalari, taʼlim va hunarga yoʻnaltirilgan kurslar faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish orqali madaniy xizmat koʻrsatish sifatini sezilarli darajada oshirish.
Uchinchi, hududlardagi aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish – alohida taqvim asosida davlat teatrlari, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, folklor jamoalari ishtirokida ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish orqali budjetdan tashqari qoʻshimcha mablagʻlar ishlab topish.
To‘rtinchi, hududlardagi muzeylar bilan hamkorlikda koʻchma koʻrgazmalar tashkil etish va umumxalq bayramlarini yangicha mazmun va yuqori badiiy saviyada tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshlash.
Beshinchi, har kuni soat 9:00 dan 12:00 ga qadar hamda 16:00 dan 18:00 ga qadar madaniyat markazining old qismida ovoz kuchaytirish moslamalaridan foydalangan holda “Musiqa jilosi” loyihasini amalga oshirish.
Oltinchi, madaniyat markazlarida tashkil etilgan toʻgaraklar, kurslar, konsert-tomosha dasturlari toʻgʻrisida sifatli tayyorlangan audio targʻibot materiallarining tizimli eʼlon qilib borilishini ta’minlash.
Yettinchi, folklor jamoalarining yil yakuniga qadar hisobot va pullik xizmat koʻrsatish orqali konsert dasturlarini tashkil etish kabi tashkiliy va amaliy vazifalar belgilangan.
P.S.: Belgilangan muddatlarda Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan barcha madaniyat markazlari faoliyati bo‘yicha tasdiqlangan ish rejalari asosida doimiy monitoring olib boriladi hamda nazorat qilish mexanizmlari o‘rnatiladi.