“O‘zbekistondadir baxtim, toleim” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi

14 Nov, 2023 - 11:35
443
“O‘zbekistondadir baxtim, toleim” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi

Jamoatchilik bilan aloqalar (axborot xizmati) bo'limi

Respublikamizda bo‘lib o‘tayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida “Yangi O‘zbekiston kitob va kutubxonadan boshlanadi” nomli kitoblar ko‘rgazmasi va “O‘zbekistondadir baxtim, toleim” jamoa to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, tarjimonlar, adabiyot ixlosmandlari, yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Gʻayrat Majid o‘zining kirish so‘zida ushbu tadbirlarning o‘tkazilishi yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. 

Uchrashuvda millatlararo  munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshkev jamiyatda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va hamjihatlikni ta’minlash, adabiy hamkorlik va konfessiyalararo muloqotni mustahkamlash, xorijiy davlatlar bilan do‘stona, teng huquqli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasining millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasining ustuvor vazifasi ekanligiga alohida to‘xtaldi.  

Mamlakatimizda Abdurahmon Jomiy, Maxtumquli Firog‘iy, Abay Qo‘nonboyev, Aleksandr Pushkin, Shota Rustaveli, Taras Shevchenko, Yoqub Kolas, Chingiz Aytmatov kabi ko‘plab taniqli shaxslar, adabiyot arboblari nomi chuqur hurmat bilan tilga olinadi. Ayniqsa, qardosh xalqlar tarixi, madaniyati va ma’naviy qadriyatlarini rivojlantirish, ularning an’ana va urf-odatlarini har tomonlama rivojlantirishga e’tibor qaratiladi.

 “Yangi O‘zbekiston kitob va kutubxonadan boshlanadi” nomli kitoblar ko‘rgazmasidan o‘zbek, tojik, qozoq, turkman va rus tillarida nashr etilgan yuzga yaqin kitoblar joy olgan. O‘zbekiston – ko‘p millatli mamlakat, unda 130 dan ortiq yaqin millat vakillari istiqomat qiladi. Ularning o‘z urf-odatlari, madaniyati, tilini saqlash va rivojlanishi uchun sharoitlar yaratish davlatimizda olib borayotgan siyosatning muhim jihatlaridan biridir. Bugungi kunda O‘zbekistonda 156 ta milliy-madaniy markazlari va 38 ta do‘stlik jamiyatlari faoliyat olib boradi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi saflarida o‘zbek ijodkorlari bilan yonma-yon tojik, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq va rus tilida ijod qiluvchi yozuvchi, shoir, dramaturg, adabiyotshunoslar bor. Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi, shuningdek, Uyushma qoshidagi Qozoq, Rus va Tojik adabiyoti kengashlari ko‘p yillardan beri ishlab turibdi. 

O‘zbek o‘quvchilari mamlakatimiz adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan Sergey Borodin, Yavdot Ilyosov, Zoya Tumanovani yaxshi biladi. O‘zbek adabiyotini qardosh xalqlar o‘rtasida targ‘ib qilishda Mixail Salye, Sherali Loyiq, Aleksandr Faynberg, Ninel Vladimirova kabi fidoyilarning mehnati katta. Ularning bari O‘zbekistonda yashab ijod qilishgan, o‘z taqdirlarini o‘zbek diyori bilan bog‘lashgan. Bugun Kengesboy Karimov, Raim Farhodiy, Nikolay Ilin, Qaldibek Seydanov, Paymon, Galina Dolgaya kabi shoir va yozuvchilarimiz O‘zbekiston deb atalmish diyorning ko‘p tilda yaratilayotgan betakror adabiyotining munosib vakillaridir. 

“O‘zbekistondadir baxtim, toleim” nomli jamoa to‘plamiga tojik, qozoq, qoraqalpoq va rus tillarida ijod qiluvchi shoir va yozuvchilarimizning o‘zbek tiliga o‘girilgan she’r va hikoyalari jamlangan. Unda, shuningdek, Xisrav Sa’dullo, Asadulloh Ismoilzoda, Alisher Sabriy kabi shoirlarning she’rlari tojik tilidan, Saparbek Imanbekov, Lola Yunus qizi, Oysuluv Axan qizi kabi ijodkorlarning asarlari qozoq tilidan, Lyudmila Polonskaya, Ariadna Vasilyeva, Aleksandr Svistunov kabi yozuvchilarning hikoyalari rus tilidan, Allanazar Abdiyev, Sog‘imboy Ibrohimov kabi ijodkorlarning she’r va hikoyalari qoraqalpoq tilidan tarjima qilindi. Kitobga jamlangan asarlar Rustam Musurmon, Humoyun Akbar, Odil Ikrom, Davron Rajab, Dilorom Abdurahmon kabi tarjimonlar tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar – Yozuvchilar uyushmasi Badiiy tarjima kengashi raisi Zuhriddin Isomiddinov, Uyushmaning Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi boshlig‘i Rustam Musurmon, kitobni nashrga tayyorlagan muharrir Risolat Haydarova, shoir va tarjimonlar Humoyun Akbar, Davron Rajab ushbu kitob Yozuvchilar uyushmasining badiiy tarjima sohasidagi yangi loyihalaridan biri bo‘lib, kelajakda uni yana davom ettirish milliy adabiyotimizni yangi asarlar bilan boyitishga imkon berishini ta’kidlashdi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash