Mamlakatimizda Bag‘rikenglik haftaligi boshlandi

14 Nov, 2023 - 12:14
407
Mamlakatimizda Bag‘rikenglik haftaligi boshlandi

Jamoatchilik bilan aloqalar (axborot xizmati) bo'limi

Bag‘rikenglik bu — o‘zaro hurmat, bir-birini anglash, tushunish va qabul qilish demakdir. Yer yuzidagi turli madaniyatlarga hurmat bilan yondashish, tushunishga bag‘rikenglik ta’rifi beriladi. U bilim, samimiyat, vijdon va e’tiqod natijasida yuzaga keladi. Bag‘rikenglik faqat ma’naviy burch bo‘lib qolmay, siyosiy va huquqiy ehtiyoj sanaladi. 

Eng asosiysi, bag‘rikenglik natijasida tinchlik ta’minlanadi, turli nizolar, kelib chiqishi kamayadi. BMT Bosh assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997-yildan buyon 16-noyabr har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. Bu sanani O‘zbekistonda nishonlash ham yaxshi an’anaga aylangan.

Mazkur sanani munosib nishonlash maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birga Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab yurtimizda “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” shiori ostida “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazilmoqda.

Tadbirning asosiy maqsadi – o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga Vatanga muhabbat, yurt taqdiri uchun daxldorlik hissini singdirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, kitobxonlikka faol jalb qilishdan iborat.
Shuningdek, ishtirokchilar Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turli millat va diniy konfessiyalar vakillari ishtirokida Mustaqillik monumentiga gulchambar qo‘yishdi. Unda Millatlararo munosabatlar va din ishlari bo‘yicha qo‘mitalar rahbarlari va xodimlari, milliy madaniy markazlar hamda diniy konfessiya vakillari ishtirok etishdi.   

Bag‘rikenglik haftaligi» doirasida o‘tkazilayotgan  tadbirlar aholi, ayniqsa yosh avlodni respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
 

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash