“Tarixiy dramalar koʻproq sahnalashtirilishi lozim” – Sanjar Islomohunov

11 Dec, 2023 - 18:32
290
“Tarixiy dramalar koʻproq sahnalashtirilishi lozim” – Sanjar Islomohunov

Jamoatchilik bilan aloqalar (axborot xizmati) bo'limi

Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida atoqli oʻzbek yozuvchisi Oybek va rafiqasi Zarifaxonim Saidnosirova hayoti va ijodiy merosiga bagʻishlangan “Barhayot chinor” spektaklida yozuvchining qiyinchilik koʻrgan yillari bilan bogʻliq voqealar ham aks etgan.

Spektaklda salbiy qahramon Abdugʻani Oybek domlaga tuhmat qiladi va yillar oʻtib oʻz dissertatsiyasi uchun imzo qoʻydirishga keladi. Shunda halol va mard yozuvchi hech ikkilanmay imzo qoʻyadi. 

Mazkur sahna asarida Abdugʻani rolini teatrning mahoratli aktyori Sanjar Islomohunov ijro etgan. Aktyor spektaklda ishlash jarayonlari haqida soʻzlab oʻtdi: 

“Pyesani ilk bor oʻqiganimda personajga ozgina eʼtirozim boʻldi, konflikt sust yaratilgandi. Keyin postanovkachi rejissyor bilan ishlash jarayonida va asarni sahnaga olib chiqqanimizda voqealar ancha keskinlashdi. Abdugʻani hasadgoʻy odam, u Oybekka tuhmat qiladi. Men salbiy rollarni koʻp ijro etmaganman, biroq mazkur spektaklni mutaxassislar, qolaversa, jamoa yaxshi baholadi. Demak maqsadimizga yetibmiz. 

Oybek domlaning hayoti va ijodiy merosini yanada chuqur oʻrgandim va hurmatim oshdi. Teatrda tarixiy dramalar koʻproq sahnalashtirilishi lozim. Ijodiy faoliyatimdagi bitta orzuim bu Bobur shaxsini sahnada yaratish, yana koʻplab tarixiy spektakllarda ishlashni niyat qilganman!”

Oʻzbekiston yosh tomoshabinlar teatrda tarixiy janrda Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy asarlari asosida spektakllar yaratilgan va tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻlgan.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash