O'zbek va turkman xalqlari do'stligi festivali yakunlandi

18 Nov, 2022 - 11:15
628
O'zbek va turkman xalqlari do'stligi festivali yakunlandi

Axborot va matbuot xizmati

O'zaro tarixiy-madaniy aloqalar o'zbek va turkman xalqlari o'rtasidagi ko'p asrlik birodarlikning mustahkam tamal toshi bo'lib kelmoqda. Prezidentimizning O'zbek va turkman xalqlari do'stligi festivali ishtirokchilariga yo'llagan tabrigida ta'kidlanganidek, chin qardoshlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalarini yanada kuchaytirishga qaratilgan ushbu muhim tadbir elu yurtlarimizning umumiy ezgu maqsadlari va orzu-intilishlari mushtarak ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlaydi.

Festival doirasida 17-noyabr kuni Dashoguz shahridagi Dashoguz viloyati kutubxonasida O'zbekiston va Turkmaniston yozuvchi hamda shoirlarining ijodiy uchrashuvi bo'lib o'tdi. Unda ikki davlat rahbarlarining yuksak e'tibori, qo'llab-quvvatlashi va ko'magi bilan tashkil etilgan ushbu o'ziga xos do'stlik bayrami xalqlarimiz madaniyati, san'ati va adabiyoti rivoji uchun keng ufqlar ochgan, o'zaro hamkorlikka yangi sur'at bag'ishlagan tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida katta ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi.

Shu kuni Dashoguz viloyati Dilevar qishlog'i madaniyat uyida ikki mamlakat kino ijodkorlarining ijodiy uchrashuvi va o'zbek-turkman filmlari namoyishi ham bo'lib o'tdi. Xususan, O'zbekiston tomonidan tomoshabinlar e'tiboriga “Ayol qismati” filmi havola qilindi.

Festivalning tantanali yopilish marosimi esa Dashoguz shahridagi Nurmuhammad Andalib nomidagi musiqali teatrda bo'lib o'tdi.

Unda o'zbek va turkman xalqlari do'stligi festivali ishtirokchilarining O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga murojaati o'qib eshittirildi.

Murojaatda festival ishtirokchilari o'zbek va turkman xalqlarining do'stlik va qardoshlik aloqalarini mustahkamlashga katta e'tibor qaratayotgan O'zbekiston va Turkmaniston Prezidentlariga samimiy minnatdorlik izhor etib, ikki davlat rahbarlariga sihat-salomatlik, uzoq umr, ezgu maqsadlar yo'lidagi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar yor bo'lishini tiladilar.

Murojaatdan so'ng turkman ijodkorlari tomonidan “Iqror Otashi” spektakli namoyish etildi.

Shuning bilan o'zbek va turkman xalqlari do'stligi festivali yakunlandi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash